Namanganda g‘alla o‘rimiga kirishildi
Jazirama yoz fasli kirib kelishi bilan dala maydonlarida g‘allaga o‘roq tushdi. Endilikda yuksak tashkilotchilik va uyushqoqlik namunasini ko‘rsatib, mavsumni tez va soz yakunlash maqsad qilingan.
Ham daromad, ham barqarorlik va, muhimi, xalq manfaati yo‘lidagi birdamlik namoyon bo‘ladigan davr – hosil mavsumi Namangan viloyatining Chust tumanidagi Yangiyer mahallasi hududida ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. “Chust Bahodir Ergashev” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan amaliy seminarda g‘alla o‘rimiga tayyorgarlik, takroriy ekin ekish va ijtimoiy barqarorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida viloyat tashkilotlari mutasaddilari, tuman hokimlari, fermerlar, agrotexnika ekspertlari va o‘rim otryadlari rahbarlari ishtirok etdi.

Viloyatda joriy yil g‘alla hosili uchun 64 ming 410 gektar maydonga g‘alla ekilib, parvarish qilindi. Har gektaridan o‘rtacha 100 sentnerdan oshirib hosil olish, jami 645 ming tonna boshoqli don ishlab chiqarish belgilangan.

Seminarda g‘alla o‘rim-yig‘im jarayonlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish va qisqa fursatda yakunlash, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni "Bir kontur—bir mahsulot" tamoyili asosida o‘z vaqtida ekish, ehtiyojmand oilalarga yer ajratish orqali mavsumiy ish o‘rinlari yaratish kabi ishlar talablarga mos tarzda olib borilishi lozimligi qayd etildi. Shakllantirilgan otryadlar a’zolari bilan suhbatda bajarilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashish kerakligi ta’kidlandi.

Seminarning yakuniy yig‘ilishida mavsumga tayyorgarlik ishlari muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish va takrorlamaslik choralari ko‘rildi. Viloyat rahbari rizq-ro‘z hisoblangan g‘allani nest-nobud qilmasdan saranjomlab olish borasidagi ishlarga to‘xtalib, bunda fermerlar, otryadlar, hududiy shtablar va boshqa mutasaddilar oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA