Davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilandi
Davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash yagona qonunchilik hujjati bilan tartibga solinmagan. Bu masala 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan.
Fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda esa davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan pul to‘lovlarini amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud emas.

Shu bois, ushbu sohadagi munosabatlar va tartib-taomillarning qonuniy asoslarini mustahkamlash alohida qonun hujjatini qabul qilish zaruratini yuzaga keltirgan.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun Senat yalpi majlisida muhokama qilindi.

– Qonun yuqorida qayd etilgan masalalarning huquqiy yechimi bo‘lib, uning maqsadi davlat hokimiyati vakolatlariga ega bo‘lgan organning yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof faoliyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash hamda zararning o‘rnini regress tartibida undirishni tartibga solishdan iborat, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Zararning o‘rni qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritishi belgilanmoqda.
Qonunda qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari aniq ko‘rsatilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun qonunga xilof qarorlar tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA