Chexiya Bosh vazirining tashrifi yakunlandi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston – Chexiya sherikligining qator yo‘nalishlarini qamrab olgan hujjatlar imzolandi.
[gallery-29103]
Mazkur tashrif doirasida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Jahon gavhari sanalmish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Toshkent shahridagi Xalqaro til va ko‘nikmalar maktabi va Texnoparkda bo‘ldi. Chexiya Bosh vaziri O‘zbekiston – Chexiya biznes-forumida ham ishtirok etdi.
Oliy martabali mehmon safar yakunida jurnalistlarga intervyu berdi.
Andrey Babish tashrif doirasidagi muloqotlar o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini ta’kidladi. Erishilgan kelishuvlar ikki davlat iqtisodiy aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini alohida e’tirof etdi. Yurtimizning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot sur’atlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan samimiy mehmondo‘stlik va ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
O‘zA