Biotexnologiya vositalarini ishlab chiqarish joriy etiladi
Quyi palata majlisida deputatlar tomonidan “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, yuqori talabga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni mahalliylashtirish, aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini xalqaro mezonlar darajasida tartibga solish, hujayra texnologiyasi asosidagi biotexnologiya vositalarini ishlab chiqarishni joriy etish belgilanmoqda.
[gallery-27213]
Shuningdek, farmatsevtika sohasida texnologiyalar transferini keng qo‘llash, organizmning funksional imkoniyatlarini tiklash uchun qo‘llaniladigan dori vositalarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq qilish nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar mahalliy farmatsevtika korxonalarining quvvatini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalar transferini joriy etish, sog‘liqni saqlash amaliyotida hujayra texnologiyalari asosidagi biotexnologiya vositalarini qo‘llash, tibbiy jihozlar importi va eksportini kengaytirish, xalqimizning salomatligini mustahkam himoya qilishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA