Banklar faollik indeksi: 2026-yil I chorak yakunlari bo‘yicha reyting yangilandi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2026-yil I chorak yakunlari bo‘yicha “Banklar faollik indeksi” natijalari asosida shakllantirilgan yangilangan banklar reytingi taqdim etildi.
Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankini qamrab olgan bo‘lib, ularning 20 tasi filiallar soni va faoliyat ko‘lamiga ko‘ra yirik banklar toifasiga, 14 tasi esa kichik banklar guruhiga kiritilgan. Indeks 27 ta asosiy ko‘rsatkich tahliliga asoslanib, ular respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlari hamda xalqaro standartlar, jumladan, Bazel qo‘mitasi talablari bilan taqqoslangan.
Qayd etilishicha, mazkur reyting moliya tizimida shaffoflikni oshirish, banklar faoliyatini xolis baholash va aholi hamda biznes sub’ektlarining ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi yondashuv xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi.
Hisobot davrida bank tizimining umumiy aktivlari 932,3 trln. so‘mni (76,3 mlrd. dollar), majburiyatlari esa 793,9 trln. so‘mni (64,9 mlrd. dollar) tashkil etgan. Kredit qo‘yilmalari o‘sish sur’atini saqlab qolgan bo‘lsa, depozitlar o‘sishida ma’lum darajada sekinlashuv kuzatilgan. Xususan, jami kreditlar hajmi 14 foizga, jalb qilingan depozitlar esa 32 foizga oshgan.
Shuningdek, bank tizimining sof foydasi 3,1 trln. so‘mga (254 mln. dollar) yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,3 foizga ko‘pdir. Muammoli kreditlar ulushi esa 4,5 foizdan 3,3 foizgacha kamaygani kredit portfeli sifati yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi. Kapital yetarliligi ko‘rsatkichlari esa belgilangan minimal talablardan 1,4-1,5 barobar yuqori bo‘lib, tizim barqarorligini tasdiqlaydi.
2026-yil I choragi yakunlari bo‘yicha reytingda yetakchi guruh umumiy holda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, pozitsiyalar qayta taqsimlangani kuzatildi. Yirik banklar segmentida 20 ta bankdan 7 tasi o‘z o‘rnini yaxshilagan, 8 tasida pasayish qayd etilgan, 5 tasi esa o‘z pozitsiyalarini saqlab qolgan. Bu esa bozorda raqobat yuqori darajada saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Yirik banklar orasida Kapital bank birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Shu bilan birga, Hamkor bank, Aziya Alyans bank va Ipak yo‘li bank bir pog‘onaga yuqorilagan. Tenge bank esa 6 pog‘onaga ko‘tarilib, eng yuqori o‘sishni qayd etgan. Xalq banki, Invest finans bank va Agrobank ham o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan.
Ayrim banklarda esa pasayish kuzatilgan. Jumladan, Trast bank 3 pog‘onaga, OFB 5 pog‘onaga, Aloqa bank 2 pog‘onaga tushgan. Davr bank, Ipoteka bank, BRB, O‘zmilliybank va Mikrokreditbank ham bir pog‘onadan pastlagan.
Asosiy indikatorlar kesimida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Moliyaviy vositachilik yo‘nalishida Invest finans bank, Anor bank va Kapital bank yetakchilik qildi. Moliyaviy ommaboplik ko‘rsatkichida esa Agrobank, Anor bank va BRB yuqori natijalarni qayd etdi.
Kapital yetarliligi bo‘yicha Oriyent finans bank, Trast bank va Xalq banki yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, aktivlar sifatida Hamkor bank, Aziya Alyans bank va Ipak yo‘li bank peshqadamlik qildi. Boshqaruv samaradorligida O‘zsanoatqurilishbank, Oriyent finans bank va O‘zmilliybank yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.
Daromad olish salohiyati bo‘yicha Hamkor bank, Trast bank va Aziya Alyans bank yetakchilik qilgan bo‘lsa, likvidlilik ko‘rsatkichida Aziya Alyans bank, Ipak yo‘li bank va Trast bank yuqori o‘rinlarni egalladi.
Kichik banklar guruhida nisbiy barqarorlik saqlanib qolgan. 14 ta bankdan 8 tasi o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan. Eng yuqori o‘sish AVO bank va Apeks bank hissasiga to‘g‘ri kelib, har ikkisi ham 3 pog‘onaga ko‘tarilgan. Ushbu toifada TBS bank reyting yetakchisi sifatida qayd etildi.
Ayni paytda, 5 ta bankda pasayish kuzatilgan bo‘lib, eng katta pasayish Oktobankda qayd etildi — u 6 pog‘onaga tushgan. Shuningdek, Soderot bank, Garant bank va Ziraat bank 2 pog‘onadan yuqorilagan. Reytingning quyi qismida joylashgan Open bank va Uzum bank esa bir pog‘onadan o‘sish qayd etgan.
Umuman, 2026-yil I choragi natijalari bank sektorida raqobat kuchayib borayotganini, banklar o‘rtasida pozitsiyalar qayta taqsimlanishi davom etayotganini hamda moliyaviy ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA