Zamonaviy agrotexnologiyalar — yuqori hosil garovi
Bo‘stonliqda kartoshkachilikda yangi davr boshlanmoqda. Shu mavzuda o‘tkazilgan seminarda zamonaviy agrotexnologiyalar va yuqori sifatli urug‘lar orqali eksportbop mahsulot yetishtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida kartoshkachilik sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda sifatli urug‘chilik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Unda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Meva-sabzavotchilik boshqarmasi boshlig‘i Z.Artiqov, Respublika ishchi guruhi vakillari, Toshkent viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Norbo‘tayev, hudud fermerlari, soha mutaxassislari va mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida kartoshka yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari, sifatli urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda hosildorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.

Jarayonda ishtirokchilar Bo‘stonliq kartoshkachilik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, ekin maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, zamonaviy sug‘orish va parvarishlash usullari, kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, yuqori hosildor va eksportbop kartoshka navlarini yetishtirish, ularni hududlar bo‘yicha keng ommalashtirish hamda sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Tadbir doirasida Ohangaronda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar ham namoyish etildi, – deydi Ohangaron tumani hokimining o‘rinbosari Akmal Boyqobilov. – Jarayonda fermerlarni ko‘proq kartoshkachilik tarmog‘ini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari, yuqori sifatli urug‘chilikni tashkil etish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar qiziqtirdi. Shu bo‘yicha sohadagi istiqbolli loyihalar xususida fikr va tajriba almashdik. Ishonamanki, bu kabi sa’y-harakatlar kelgusida o‘z samarasini beradi.

Shuningdek, kartoshkachilik tarmog‘ini rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarning ahamiyati, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, hosildorlik va mahsulot sifatini oshirish, urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan sohada to‘plangan ilg‘or tajribalar, samarali agrotexnik yechimlar hamda kartoshka yetishtirishning zamonaviy usullari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashilib, kartoshkachilikni rivojlantirish, sifatli urug‘lik yetishtirish hajmini kengaytirish, fermer va agrofirmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tarmoqning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
A.Musayev,O‘zA