Asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammo yuzasidan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tuman ijro etuvchi apparatiga murojaat qildi.
Murojaatda keltirilishicha, fuqaro xonadonida ichimlik suvidan foydalanib kelayotgan bo‘lsada, unga abonent raqami rasmiylashtirilmagan. Buning natijasida 4 million 120 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan.
Norozilik bildirilgan mazkur murojaat Yangiqo‘rg‘on tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda ichimlik suvi ta’minoti tashkiloti vakillari ishtirokida o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida iste’molchiga hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi. Bundan tashqari, fuqaro uchun tegishli tartibda abonent raqami ochib berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri