AQSH va Eron harbiy to‘qnashuvi
Fors ko‘rfazida AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik yangi bosqichga chiqdi. Sulh bitimiga qaramay, tomonlar bir-biriga zarba bergani mintaqaviy xavfsizlikni jiddiy xavf ostiga qo‘ymoqda.
Har ikki davlat bir-birining harbiy manzillariga zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda “Euronews” yozmoqda. AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, “Eron tomonidan Kuvayt va Bahrayn yo‘nalishida uchirilgan 7 ballistik raketaning 6 tasi havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan yo‘q qilingan, yana biri nishonga yetib bormay qulagan. Bundan oldin AQSH harbiylari Hurmuz bo‘g‘ozi hududida Eronga tegishli 4 dronni tutib qolgan edi.
Bunga javoban Amerika kuchlari Eronning Qeshm oroli va Goruk hududidagi qirg‘oq kuzatuv radarlariga zarba bergan. Hujum payti Kuvayt va Bahraynda xavf qo‘ng‘irog‘i yangrab, portlash ovozlari eshitilgan. Kuvayt harbiylari raketa va dron hujumi muvaffaqiyatli qaytarilganini bildirdi. O‘z navbatida, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning Eron hududiga bergan zarbalariga javoban, mintaqadagi “dushman bazalari”ga raketa hujumlari uyushtirilganini e’lon qildi.
CENTCOM ushbu hujumlar oqibatida amerikalik harbiylar orasida qurbonlar yo‘qligini ma’lum qildi. Shuningdek, Bahrayndagi AQSH 5-floti bazasiga zarar yetkazilgani haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlandi. Ushbu davlat Tashqi ishlar vazirligi Eronning raketa hujumini keskin qoralab, mintaqa davlatlari suverenitetiga tahdid sifatida baholadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA