AQSH boks klubi bilan hamkorlik o‘rtanildi
O‘zbekiston boks federatsiyasi Muhammad Ali, Mayk Tayson, Jeyk LaMotta, Roberto Duran kabi bir qator afsonaviy charm qo‘lqop ustalarini kamolga yetkazgan klub bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.
Kuni kecha O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi, “Asian Boxing” tashkiloti Musobaqalarni o‘tkazish komissiyasi raisi Shohid Tillaboyev Pan American Boxing Confederation (PBC) prezidenti Elis Zegnolle hamrohligida Nyu-York shahrida joylashgan “Gleason’s Gym” klubi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Aytish lozim, 1887-yilda tashkil etilgan “Gleason’s Gym” jahon boksida alohida o‘rin tutadi. Aynan shu maskanda Muhammad Ali, Mayk Tayson, Roberto Duran kabi afsonaviy charm qo‘lqop ustalari shug‘ullanib, o‘z mahoratini sayqallagan. Bugungi kunda ham mazkur brend AQSHning turli shtatlarida faoliyat yuritayotgan boks zallari orqali o‘z an’analarini davom ettirib kelmoqda.
Jahon boksining afsonaviy maskanlaridan biri hisoblangan mazkur klub bilan tanishuv asnosida O‘zbekiston boks federatsiyasi va “Gleason’s Gym” rahbariyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni hamjihatlikda o‘rganish va bokschilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA