“Olimpiya shaharchasi”da muzey tashkil etiladi
Bugun, 24-iyun kuni “Olimpiya shaharchasi”da o‘tkazilgan yig‘ilishda 1996-yili Toshkentda faoliyatini boshlagan Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyining filialini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Sport vaziri Adham Ikromov raisligida o‘tgan taqdimot yig‘ilishida “Olimpiya shaharchasi”dagi Sport vazirligi ma’muriy binosida Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyining filialini tashkil etish bo‘yicha dizayn-loyiha konsepsiyasi mutaxassislarga tanishtirildi.
Taqdimot davomida mamlakatimiz sportchilari tomonidan xalqaro sport musobaqalarida, chempionatlarda qo‘lga kiritayotgan tarixiy g‘alabalari, "Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari" hamda "Prezident Olimpiadasi" sport musobaqalarining hududiy bosqichlarining eng hayajonli lahzalarini aks ettirgan holda dizayn-loyiha konsepsiyasini yanada takomillashtirish borasida fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Muhokamalar davomida mazkur loyiha yuzasidan mutaxassislarning takliflari asosida dizayn-loyiha konsepsiyasini yanada boyitish masalasida mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA