2025-yilda byudjet daromadlari 2024-yilga nisbatan 116,6 foizga bajarilgan
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar chuqurlashayotganiga qaramay mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda. Keng ko‘lamli islohotlar natijasida 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning hajmi 2024-yilga nisbatan 7,7 foiz, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasi 14,7 foiz va qurilish sohasi 14,2 foiz hamda sanoat sohasi 6,8 foizga o‘sdi.
Shuningdek, yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga teng bo‘ldi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar natijasida 2025-yilda jami 591,1 trillion so‘mlik asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2024-yilga nisbatan 10,5 foizga oshdi.
Davlat byudjeti daromadlari 2024-yilga nisbatan 116,6 foizga, Davlat byudjeti xarajatlari esa 99,3 foizga bajarilgan. Davlat byudjeti mablag‘larining 47,0 foizi yoki 180,4 trillion so‘mi ijtimoiy soha xarajatlarini moliyalashtirishga sarflanib, ushbu xarajatlarning 86,5 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Sayxunobod tajribasi asosida 400 dan ortiq mikroloyiha amalga oshirildi.
Shuningdek, vazir hisobot davrida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilgani hamda inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirilganini qayd etdi.
M.Komilova,
O‘zA