2025-yilda 8,8 mingta kiberjinoyat fosh etilgan
Bugun raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgani bilan bir qatorda, yangi turdagi xavflar ham paydo bo‘lmoqda. Xususan, kiberjinoyatchilik avj olib borayotgani barchamizga ma’lum.
2019-yildan buyog‘iga yurtimizda kiberjinoyatlarning turi 18 tadan 62 taga ko‘paygan. Ayniqsa, zararli fayllarni tarqatish, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari, shuningdek, sun’iy intellekt vositasida sodir etilayotgan kiberjinoyatlar aholini jiddiy xavotirga solmoqda. 2025-yilda kiberjinoyatlardan jabr ko‘rganlarning 16 foizi yoshlar ekanligi yanada xavotirlidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi. Unda Markaziy bank, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Raqamli texnologiyalar vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Zufar Qurbonov kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida ko‘rilayotgan choralar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi tegishli qarorida Ichki ishlar vazirligi barcha mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanib, ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalari so‘roviga asosan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan bloklashga oid choralarni ko‘rish nazarda tutilgan.
[gallery-28093]
Vazirlik, Bosh prokuratura va Markaziy bank o‘rtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda tezkorlik bilan ma’lumotlar uzatish va tushgan murojaatlar bo‘yicha tez choralarni ko‘rish maqsadida elektron ma’lumotlar almashinuv platformasini ishga tushirish kabi tadbirlar belgilangan.
Ma’lum qilinganidek, vazirlik tizimida Kiberxavfsizlik markazi va hududlarda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda vazirlik tizimida Kiberxavfsizlik bo‘yicha departament tashkil etilishi rejalashtirilgan.
2025-yilda Markaz va hududlardagi boshqarmalar tomonidan 8,8 mingta kiberjinoyatlar fosh etilib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 5,2 baravariga oshgan. 1,6 ming eng xavfli dasturlar faoliyati esa to‘xtatilgan. Natijada 13 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan qonuniy manfaatlari tiklanishiga, yetkazilgan 95,4 mlrd. so‘m moddiy zarar o‘z egalariga qaytarilishiga erishilgan.
Shuningdek, 4,6 mingta kiberjinoyatlar tashabbus bilan aniqlanib, bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 4,2 baravariga yaxshilangan. Kibermakonda jamoat tartibiga tahdid soluvchi 5,7 mingta zararli kontentlar va resurslar aniqlanib, 3,8 mingta Internet resurslari va 1,6 mingta firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyati boshqa idoralar bilan hamkorlikda to‘xtatilgan.
Shuningdek, elektron ma’lumotlar almashinuv platformasi orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan pullar o‘tkazilgan hisobraqamlarni bloklash imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, 2025-yil sentabrdan hozirga qadar 43,3 mlrd. so‘m chetga chiqishi to‘xtatib qolindi va 11,7 mingta jinoyatga aloqador hisobraqamlar banklar tomonidan bloklandi.
Firibgarliklarning oldini olish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdan keladigan soxta qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimi ham joriy qilindi. Natijada 2025-yil iyul oyidan hozirga qadar 2 milliondan ortiq soxta qo‘ng‘iroqlar bloklanib, jinoyatlarning oldini olishga erishildi.
Eshituvda deputatlar firibgarlik va o‘g‘rilik ko‘rinishidagi kiberjinoyatlar bilan yanada samarali kurashish, kiberfiribgarlik bilan o‘zlashtirilgan mablag‘larni respublika hududidan chiqib ketishining oldini olish bo‘yicha mavjud mexanizmlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olishda mas’ul tashkilotlarning majburiyatlarini qonunchilikda aniq belgilash, tashkilotlarda xavfsizlik axborot tizimlarini integratsiyalash ishlarini jadallashtirish, aholida internet kontentlariga tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kompleks targ‘ibot choralarini kuchaytirish lozimligi qayd etilib, bu boradagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA