Yuqori saviyada o‘tgan VIII Toshkent xalqaro marafonida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan VIII Toshkent xalqaro marafoni yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur nufuzli sport tadbiri nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uyg‘otib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim omilga aylanmoqda.
Sakkizinchi bor o‘tkazilgan marafonda professional sportchilar bilan bir qatorda, turli yosh toifasidagi minglab havaskor yugurish ishqibozlari ham faol ishtirok etdi. Musobaqa davomida maydonda hukm surgan ko‘tarinki kayfiyat, ishtirokchilar va tomoshabinlarning birdek faolligi ushbu sport bayramiga alohida ruh bag‘ishladi.

Marafonda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 15 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Musobaqa “Humo Arena” majmuasidan start olib, poytaxtning markaziy ko‘chalari orqali o‘tdi. Yo‘nalishlar shaharning zamonaviy qiyofasi va infratuzilmasini namoyon etgan holda, ishtirokchilarga o‘ziga xos taassurotlar taqdim etdi.
Erkaklar o‘rtasida 42 kilometrlik to‘liq marafonda Shohrux Davlatov barchadan ustun kelib, marraga 2 soat 16 daqiqa 28 soniyada yetib keldi. Ikkinchi o‘rinni Andrey Petrov, uchinchi o‘rinni esa belaruslik Vladislav Pryamov egalladi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Yekaterina Tunguskova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Indina Yevgelina va Yelina Tolstixga nasib etdi.
Yarim marafon — 21 kilometr masofada erkaklar o‘rtasida Hasan Mirsoatov birinchi bo‘lib marraga yetib kelgan bo‘lsa, Nuriddin Rahmatov va Ruslan Hojiyev sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ayollar o‘rtasida esa Marjona Ahmadaliyeva g‘olib deb topildi. Shuningdek, Irodaxon Olimova va Dilfuza Allayorova yuqori o‘rinlarni egalladi.

10 kilometrlik masofada erkaklar o‘rtasida Eduard Batrushin birinchi bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarni Bekzod Boymatov va Eldor Botirov band etdi. Ayollar o‘rtasida esa Alina Hakimova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Sadafbonu Nusratullayeva va Dilshoda Usmonova sovrindorlar safidan o‘rin oldi.
5 kilometrlik yo‘nalishda erkaklar o‘rtasida Jobir Qahhorov birinchi bo‘ldi. Jahongir Rahmatullayev ikkinchi, Diyorbek Daminov esa uchinchi natijani qayd etdi.

Shuningdek, dasturdan o‘rin olgan 3 kilometrlik skandinavcha yurish va ommaviy yugurish, 2 kilometrlik inklyuziv yo‘nalish, shuningdek, bolalar uchun tashkil etilgan Kids Run musobaqalarida ham ishtirokchilar faol qatnashib, esdalik sovg‘alari va medallar bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA