“Yosh qutqaruvchi” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida “Yosh qutqaruvchi” harbiy sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport tadbirlari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, shuningdek, iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida tashkil etilgan musobaqada tuman va shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etdi.


Ishtirokchilar aholini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasi bo‘yicha savol-javob, shifokorgacha birinchi yordam ko‘rsatish va yong‘in o‘chirish estafetasi kabi shartlar asosida o‘zaro bellashdilar.


Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Uchquduq tumanidagi 10-maktabining “Qalqon” jamoasi, 2-o‘rinni Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabining “Spasatel” jamoasi, 3-o‘rinni esa Karmana tumanidagi 16-umumta’lim maktabining “Xaloskorlar” jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandilar.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri