Yoshlarning zamonaviy diplomatiya jarayonlaridagi faolligi oshmoqda (+video)
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Birlashgan Millatlar Tashkiloti modeli – UWED MUNning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Muloqotdan amaliyotga: bo‘linish davrida yoshlar ovozi orqali global boshqaruvni qayta talqin qilish” mavzuida tashkil etilgan konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochib berdi. Yoshlarning zamonaviy diplomatiya jarayonlaridagi faol o‘rni, ularning global muammolarni hal qilishga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Von Do Yon, UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Rehina Mariya, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar yoshlarning global chaqiriqlarga qarshi kurashdagi roli, ularning iqlim o‘zgarishi, inson huquqlari, barqaror taraqqiyot va xalqaro tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi hissasi haqida fikr bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Laziz Karayev O‘zbekiston va BMT munosabatlari haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z nutqida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi yurtimiz diplomatiyasining so‘nggi yillardagi eng katta yutuqlaridan biri bo‘lganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning global jarayonlarda faol ishtiroki, ularning kreativ fikrlashi va mas’uliyatli pozitsiyasi bugungi xalqaro hamkorlikning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylangan.
Mehmonlar Sodiq Safoyev boshchiligida talabalar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmaga tashrif buyurdi. Ko‘rgazmada talabalarning san’at asarlari, rasmlar hamda milliy raqslar namoyish etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/G4vzkg-pJj4" title="Yoshlarning zamonaviy diplomatiya jarayonlaridagi faolligi oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva,
Doniyor Yoqubov(video),
O‘ktam Hayitov(surat),
O‘zA