Madaniyat mahallasiga munosib tuhfa
So‘nggi yillarda yurtimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari mavqeini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani Madaniyat mahallasi uchun zamonaviy va barcha qulaylikka ega yangi bino foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash joizki, uzoq yillardan beri "Madaniyat" mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari turli tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlarining binolarida faoliyat yuritib kelishayotgan edi.

Viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 250 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan ushbu maskan "mahalla yettiligi" faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Tantanali marosimda "Nuroniy" jamg‘armasi Namangan viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ahadjon Mirzayev, Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Najmiddinov, mahalla faollari hamda nuroniylar ishtirok etdilar.

Ma’lumot o‘rnida: Madaniyat mahallasida bugungi kunda 5065 aholi ahillikda istiqomat qilib kelmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA