Yoshlarni o‘qitish imkoniyatlari kengaymoqda
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Samsung” innovatsion servis akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Samsung” innovatsion servis akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari U.A’lamov, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori A.Shin va boshqalar mamlakatimizda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz rahnamoligida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar tayyorlashning kompleks tizimi shakllantirilib, u yangi yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda.
Bugungi kunda kollejda axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, multimedia tizimlari va dasturiy ta’minot, komputer tarmoqlarini ta’mirlash, uzatish tizimlarini montaj qilish va foydalanish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ushbu akademiyaning ochilishi bilan mobil qurilmalar va raqamli televizorlarga xizmat ko‘rsatish hamda ta’mirlash kurslari ham tashkil etildi.
“Samsung” innovatsion servis akademiyasi” loyihasi Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji, “Samsung Yelectronics” kompaniyasi va O‘zbekiston Ekologik harakati hamkorligida amalga oshirilganini ta’kidlash joiz. Ushbu loyiha yoshlarni ishga joylashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi standartlarini taklif etishga yo‘naltirilgan.
Ekologik ta’lim va yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish ushbu loyihaning yana bir muhim tarkibiy qismidir.
“Samsung” innovatsion servis akademiyasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan auditoriya, ikkita laboratoriya va boshqa binolardan iborat majmuadir. Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchilari akademiyaning birinchi tinglovchilariga aylanadi. Akademiyani muvaffaqiyatli bitirganlarga «Samsung Yelectronics» kompaniyasi sertifikatlari topshiriladi.