Yoshlar - korrupsiyaga qarshi
Yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida o‘tgan yilgi yakunlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi hamda natijadorligini baholovchi “Ochiqlik indeksi” e’lon qilindi.
Ushbu yilgi reytingda jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati 84 ta mezon hamda 8 ta asosiy indikator asosida atroflicha tahlil qilindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi mamlakatimizdagi yuzga yaqin davlat tashkilotlari orasida 91,6 ball to‘plab, “yashil” samaradorlik ko‘rsatkichini qayd etdi.
Shuningdek, agentlik tomonidan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida chop etilgan navbatdagi muhim asar “Korrupsiya: buni hamma bilishi kerak” kitobining tahliliga bag‘ishlangan qizg‘in muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida kitobning asosiy g‘oyalari — korrupsiyaning jamiyatga salbiy ta’siri, shaffoflik va xorij tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, mavzuga oid ta’sirchan videorolik namoyish etilib, ochiq savol-javoblar o‘tkazildi.

Yakunda o‘zining dadil fikrlari va o‘tkir savollari bilan ajralib turgan eng faol yoshlar maxsus sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Bu natijalar agentlik faoliyatidagi shaffoflik, ochiqlik hamda jamoatchilik bilan doimiy muloqotning yaqqol amaliy tasdig‘i ekanini ko‘rsatadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA