Uychida yoshlar taklif va g‘oyalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumanida ilm olish va izlanish yo‘lida faol bo‘lgan iqtidorli yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
“Umid nihollari” bolalar oromgohida o‘tkazilgan tadbirda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” mukofoti sohibi Asadbek Urunovning startap loyihalari, shuningdek, “Ibrat”, “Mezon”, “ICE BERG” o‘quv markazlari rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Shu bilan birga, “Ustoz Ali” platformasi, “Mutolaa”, “Ibrat farzandlari” va “Qizlar akademiyasi” kabi loyihalar bilan tanishildi.
Tadbir doirasida 39-maktab o‘quvchilaridan tashkil topgan yosh aktyorlar jamoasining teatrlashtirilgan chiqishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va ularning mahorati yuqori baholandi.
Shuningdek, “Hokim va yoshlar” uchrashuvi doirasida “Voice Up – 2026” inklyuziv oromgohi ishtirokchilarining taqdimotlari ham namoyish etildi. Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini bildirdi. Ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.
Viloyat rahbari yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, bilim olish va o‘z iqtidorini namoyon etish uchun zarur sharoitlar mavjudligini ta’kidlab, ularni doimiy izlanish va yuqori maqsadlar sari intilishga chorladi.
[gallery-28712]
Shu kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Voice Up” inklyuziv oromgohiga start berildi. Uch kun davomida oromgohda treninglar, motivatsion uchrashuvlar va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida loyihalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA