Yoshlar bilan futbol maydonida muloqot
Mamlakatimizda har haftaning payshanba kunini vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni” sifatida tashkil etish belgilangani yosh avlod bilan ishlashning mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ushbu tashabbus doirasida sohalarga mas’ul rahbarlar hududlarga chiqib, mahalla, maktab va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda, ularning fikr-mulohazalari va muammolarini o‘rganib, dolzarb masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shu kabi ochiq muloqotlar “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimida ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov tomonidan har payshanba kuni yoshlar bilan samarali muloqotlar tashkil etilmoqda.

Navbatdagi muloqot tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar ishtirokida noan’anaviy tarzda – yashil maydonda tashkil etildi. Futbol bahonasida bir joyga jam bo‘lgan yoshlar bilan suhbat davomida ularning tashabbuslari, qiziqishlari va takliflari tinglandi.
Uchrashuv davomida sohada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fikr va tashabbuslarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, bunday ochiq muloqotlar yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, muloqot chog‘ida sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi g‘oya va takliflar ilgari surildi. Mutaxassislar tomonidan bildirilgan tashabbuslar kelgusida tizim faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA