Yosh volontyorlar Senat faoliyati bilan yaqindan tanishdi
Yoshlar kuni munosabati bilan Senatda “IXLOS” nogironligi bo‘lgan talabalar uyushmasi, “Oltin qanot” volontyorlari hamda Yosh volontyorlar akademiyasining 45 nafar volontyorlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda asosiy e’tibor yoshlarni parlament faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish, qonun ijodkorligi jarayoni haqidagi tasavvurlarini kengaytirish hamda davlat boshqaruvidagi ishtirokini rag‘batlantirishga qaratildi.
Uchrashuvda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov yuqori palataning konstitutsiyaviy vakolatlari, qonunlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash jarayoni, qo‘mitalar faoliyati hamda parlament nazoratining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi, o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Volontyorlar ta’lim, yoshlar siyosati, ijtimoiy himoya va parlament faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi, shuningdek, o‘zlarining bir qator taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30592]
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA