Turkiya kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Turkiyaning farmatsevtika sanoatidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Baxrom Maxmatrayemov hamda rais maslahatchisi Alisher Shayxov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, farmatsevtika sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologiyalar transferi hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilda tashkil etilgan Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi oziq-ovqat qo‘shimchalari, kollagen, vitaminlar va salomatlik uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari GMP, HACCP, ISO va Halal kabi xalqaro sifat standartlari asosida tayyorlanadi hamda dunyoning qator mamlakatlariga eksport qilinadi.

Muzokaralar davomida turkiyalik tadbirkorlarga mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari, davlat tomonidan taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, eksport-import faoliyatini tashkil etish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, eksport-import operatsiyalari hajmini kengaytirish hamda O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsiya va texnologiyalar transferini rag‘batlantirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA