Yoqilg‘i-energetika sohasida “Xavfni tahlil etish” elektron tizimi joriy etiladi
Yoqilg‘i-energetika sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? Ma’lumki, kuzatuvlar va o‘rganishlar tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishning eng yaxshi yechimidir.
Adliya vazirligi yoqilg‘i-energetika sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazish bo‘yicha “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yil 27-iyunda imzolangan hujjatga ko‘ra, Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasini baholash elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, neft va neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda energiya auditi sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’ektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi. Xavf darajasi past toifaga kiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Sherbek Islomov,
O‘zA