Toshkentda chang-to‘zon kuzatilmoqda
So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo o‘zgarishlari munosabati bilan mutasaddi idoralar aholini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Ayrim hududlarda havo sifati yomonlashib, chang zarrachalari miqdori ortdi.
Maxsus komissiyaning ma’lum qilishicha, bugun ham poytaxt hududida qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum bo‘ronlari bo‘yicha Pekin mintaqaviy markazi hamda O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, Toshkent shahri hududiga nam havo massalari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga zaruratsiz hollarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari bor fuqarolar, yoshi kattalar va bolalarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etmoqda. Shuningdek, imkoniyat bo‘lsa, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda himoya niqoblaridan foydalanish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA