Yer uchastkalari bilan bog‘liq qonun qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi?
2024 yil 5 avgustda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun qabul qilinishiga sabab boʻlgan holatlar va qonunning ahamiyati haqida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Shuhrat Choʻlliyev bilan suhbatlashdik.
– Qonunning ishlab chiqilishi tarixiga eʼtibor qaratmoqchiman. Bundan bir necha yil oldin Senatga Buxoro viloyatining Olot tumanida yashovchi bir guruh fuqarolardan ularga tegishli boʻlgan yer uchastkalarining kadastr hujjatlarini toʻliq rasmiylashtirish masalasida murojaat keldi.
Unda koʻtarilgan masalalarni oʻrganish boʻyicha Senat kengashining qarori bilan ishchi guruh tuzilib, Olot tumanida 1991-2000-yillar davomida uy-joylarni xususiylashtirish boʻyicha olib borilgan ishlar va fuqarolarga berilgan egalik orderlari hamda tegishli yigʻma jildlar xatlovdan oʻtkazildi hamda murojaatda qayd etilgan uy-joylarni ajratish, ularga huquqiy maqom berishga oid hujjatlar, shu jumladan, arxiv hujjatlari hamda masalaga oid yer va soliq qonunchiligi oʻrganildi.
Xatlovda Olot tumanidagi 4 ta mahalla fuqarolar yigʻinida xususiylashtirish jarayonida yerga egalik huquqi berilmagan 289 turarjoy aniqlanib, ularning manzilli roʻyxati shakllantirildi.
Oʻrganishlar ushbu masalaning dolzarbligini hamda bu kabi muammolar respublikaning boshqa hududlarida ham mavjudligini koʻrsatganligi sababli, mazkur masala respublika miqyosida oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlarga koʻra, respublika boʻyicha huquqiy hujjatlari yoʻq yoki toʻliq boʻlmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga boʻlgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra oxiriga yetmagan 3,8 milliondan ortiq (493 ming gektar) yer uchastkalari mavjudligi aniqlandi.
Aniqlangan holatlarga qonuniy yechim berish maqsadida dastlab Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi. Davlatimiz rahbari mazkur masalaning xalqimiz uchun naqadar muhimligini inobatga olib, (2022-yil 18-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida) ushbu masalani qonun ishlab chiqqan holda hal etish vazifasini belgilab berdi.
Yuqoridagilarga koʻra, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini tayyorlash ustida ish olib borildi va ushbu jarayonda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzolari ham ishtirok etdi.
Yakunda qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Qonunchilik palatasi tomonidan loyiha qonun sifatida qabul qilindi va keyinchalik Senatda maʼqullandi. Nihoyat, millionlab yurtdoshlarimiz hayotiga bevosita daxldor boʻlgan mazkur qonun Prezidentimiz tomonidan 5-avgustda imzolandi.
– Qonunda nimalar nazarda tutilgan va aholiga qanday qulayliklar yaratildi?
– Mazkur qonun 6 bob, 35 moddadan iborat boʻlib, uning amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvarga qadar etib belgilangan.
Qonun bilan fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan boʻlgan huquqlar eʼtirof etiladi.
2018-yil 1-mayga qadar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan hujjatlarda koʻrsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga mulk huquqi beriladi.
“Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga egalik huquqi rasmiylashtiriladi.
2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari kengashi tomonidan oʻz vaqtida tasdiqlanmagan yer uchastkalari, fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turarjoylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun moʻljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasi boʻyicha huquqlar ham qonuniylashtiriladi.
– Qonunda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va unda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishning shartlari belgilangan. Bu qanday shartlar?
– Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi boshqa shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagani, yer uchastkasidan foydalanishda nizo yoʻqligi, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud emasligi, shirkat aʼzosi boʻlgani, investitsiya va boshqa majburiyatlar toʻliq bajarilgani kabi bir qator shartlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, qonun bilan yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqining oʻlchamlari aniq qilib belgilangan. Yaʼni, agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan boʻlsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda; agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda belgilanadi.
Agar oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi yuqorida qayd etilgan hajmlardan ortiqcha boʻlgan taqdirda, belgilangan hajmdagi yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilgan holda qolgan ortiqcha yer uchastkasi mazkur shaxsga dehqon xoʻjaligi yoki tomorqa xoʻjaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
– Qonun bilan huquqlarni eʼtirof etish bosqichlari belgilangan. Bu qanday amalga oshiriladi?
– Dastlab Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimiga barcha yerlar boʻyicha 6 xil turdagi birlamchi maʼlumotlarni kiritadi. Vakolatli tashkilotlar (hokimlik, qurilish, ekologiya, suv, soliq, “Oʻzbekkosmos” agentligi va boshqalar) ikki oy muddatda har bir yer uchastkasi boʻyicha oʻz vakolatidagi maʼlumotlarni tizimga biriktiradi.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimida toʻliq shakllantirilgan elektron yigʻmajild maʼlumotlari tegishli fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarining eʼlonlar uchun burchaklarda, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Ushbu maʼlumotlar ustidan manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli tashkilotlarga bir oy ichida shikoyat qilishi mumkin. Toʻplangan barcha hujjatlarning toʻliqligi va qonuniyligi tizim orqali Adliya vazirligining tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan ikki oy ichida oʻrganib chiqiladi.
Adliya organlari tomonidan ijobiy xulosaga kelingan taqdirda fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan bir martalik toʻlovni yigirma ish kuni ichida toʻlash toʻgʻrisida SMS-xabarnoma yuboriladi. Toʻlov oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda ish toʻxtatib turiladi.
Toʻlov toʻlangan taqdirda, elektron yigʻmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga navbatdagi sessiyasi (majlisi)da koʻrib chiqish uchun axborot tizimi orqali yuboriladi. Hujjatlar kengashlar tomonidan uch oy ichida sessiyalar (majlislar)da muhokama qilinadi. Shundan soʻng, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi kengash qarori bilan eʼtirof etiladi.
Bunda, ijara muddati yer qonunchiligiga muvofiq yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun 99-yil, boshqa yer uchastkalari uchun 49-yil etib belgilanadi.
Xulosa qilib aytganda, qonun bir necha yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarning qonuniy hal etilishiga imkon beradi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur qonun 2024-yil 8-noyabrdan kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.