Yengilmas bokschimiz haqida film
Poytaxtimizdagi Milliy kino saroyida “Yengilmas.Tokioga yo‘l” nomli badiiy filmning premerasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Orient Finans Bank va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yaratilgan ushbu film taqdimotiga har qachongidan ham ko‘p muxlislar to‘plandi. Sababi, mashhur sportchining hayoti haqida hikoya qiluvchi mazkur kartina hech kimni befarq qoldirmadi.
O‘zbekiston Kinemotografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev yurtimizda sport bo‘yicha ham mohir yoshlar ko‘pligi, ular haqida filmlar yaratish bugunning dolzarb vazifasi ekanini e’tirof etdi.
Aytish kerakki, Bahodir Jalolov — o‘zbekistonlik mashhur bokschi, superog‘ir vazn toifasida ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni va professional boksda mag‘lubiyatsiz harakat qilayotgan sportchi. U o‘zining baland bo‘yi (201 sm) va kuchli zarbasi bilan xalqaro miqyosda “Big Uzbek” (“Katta o‘zbek”) nomini ham olgan.
Millatimizning bu alp o‘g‘loni boksda erishish mumkin bo‘lgan barcha yuqori unvonlarga ega chiqqan. Ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni. (Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari, Parij shahrida 2024-yili bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni). U superog‘ir vaznda ketma-ket ikkita Olimpiadada oltin medal olgan tarixiy bokschiga aylandi.
Shu bilan birga, Bahodir Jalolov ikki karra jahon chempioni (2019 va 2023-yillar) hamda 2015-yilgi chempionatning bronza medali sohibi. Pahlavon yurtdoshimiz Osiyo chempionatida uch karra chempion (2017, 2019, 2021) va 2022-yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi. Bahodir Jalolov sportda qo‘lga kiritgan yutuqlari sababli “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan.
“Yengilmas. Tokioga yo‘l” filmi o‘z shiddati, ta’sirchanligi bilan bir lahza bo‘lsa ham tomoshabin xayoli chalg‘ishiga va zerikishga imkon bermaydi. E’tiborga molik jihati, ushbu kartina sportga va ayniqsa, boksga umuman qiziqmaydigan tomoshabinni ham hayratga solib qo‘yadi.
Film Surxon vohasida tug‘ilib o‘sgan Bahodir Jalolovning bolaligi, sportga qiziqib qolishi, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi, umuman, sportchining g‘oyat mashaqqatli, matonatli, ham mag‘lubiyat, ham g‘alabaga to‘la zafar yo‘li haqida hikoya qiladi. Oltin medal, chempionlik, g‘alabalar shunchaki kelmasligi, ularga mashaqqatli mehnat, zahmat, izlanish, mashq, sabot va iroda, iztirob va armonlar orqali yetib kelinishi filmda yaqqol ko‘rsatib berilgan.
- Film menga juda ma’qul bo‘ldi, - dedi mashhur bokschi Bahodir Jalolov. – U tayyor bo‘lgach, meni namoyishga taklif etishdi. Lekin men bu filmni katta premera chog‘i, xalqimiz bilan birga tomosha qilish niyatida ekanimni bildirdim. Filmda ayniqsa, otam bilan bog‘liq lavhalardan juda ta’sirlandim. Ushbu badiiy film yoshlarni sportga qiziqtirishda, ularda sportga bo‘lgan mehrni uyg‘otishda katta ahamiyatga ega.
- Kartinani boshidan oxirigacha ko‘z yosh bilan ko‘rdim, - dedi sportchining onasi Sabohat Jalolova. – Unda badiiy to‘qima epizodlar ham, hayotiy lavhalar ham bor. Lekin nima bo‘lganida ham, bu film yoshlarimizga katta motivatsiya berishi aniq.
– Sport yo‘nalishidagi filmlarda rollarni ijro etish osonlikcha bo‘lmaydi, - dedi filmda Bahodir Jalolov siymosini gavdalantirgan aktyor Dadaxon Obidov. – To‘g‘risi, shu naqtai nazardan qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Bahodirning ichki dunyosini ochib berish uchun nainki uning o‘zi, balki do‘stlari, oila a’zolari bilan muloqot qildim, fikrlashdim. Bahodir ko‘pincha musobaqalar bilan mashg‘ul bo‘lardi-da. Uning xarakterini atroflicha o‘rgandim, ma’lumotlar to‘pladim. Ko‘p janglarini diqqat bilan tomosha qildim. Qo‘li qanday ishlaydi, odati, texnikasi, ichki dunyosi qandayligini puxta o‘rganib chiqdim. Film kaskadyorlar ishtirokisiz suratga olingan. Hamma zarbalar haqiqiy tekkan, 11 kun jang epizodini suratga olgan bo‘lsak, bari haqiqiy tasvirga olingan.
Filmning muvaffaqiyatli chiqishida yaponiyalik kino ustalarining ham hissasi bor. Kartina ssenariy mualliflari – S.Kuzminix, N.Narzullayev, S.Abbosov. Sahnalashtiruvchi rejissyor – Akrom Isakov. Operatorlar – H.Aliyev, B.
Yo‘ldoshev, A.Aleynikov, J.Abdurahmonov, B.Berdiyev.
Filmda rollarni Dadaxon Obidov, Saida Rametova, Boir Xolmirzayev, Filip Reynxardt, Osamu Yamomoto, Masayya Kato, Kaan Yalchin, Mariya Shamshina, Richadr Li Uilson, Erkin Komilov, Javohir Zokirov, Behzod Muhammadkarimov, Farhod Boltayev, Gulruh Pirnazarova va boshqa aktyorlar ijro etgan.
[gallery-28556]
Mazkur film milliy kontent sifatida O‘zbekistonning xalqaro miqyosda obro‘sini yanada yuksaltirish, sport sohasidagi ezgu islohotlarni dunyo miqyosida targ‘ib etishga xizmat qiladi. Ayni paytda ushbu kartinani bir qator xorijiy davlatlarda, shuningdek, Yaponiyada ham namoyish etish ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA