Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Karera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Zero, har to‘rtinchi fuqaro yoshlar qatlamiga to‘g‘ri kelayotgani ularning jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi kuch ekanini anglatadi. Shu nuqtai nazardan, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi yoshlar siyosatining aniq va manzilli yo‘nalishlarini belgilab berdi.
[gallery-29144]
Yarmarkada 30 ga yaqin korxona va tashkilot, shahar va tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari bo‘sh ish o‘rinlari bilan faol ishtirok etib, yosh kadrlarni ishga jalb etish va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan amaliy muloqot maydonini shakllantirdi. Tadbir davomida bitiruvchi yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot olib borib, bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoiti, oylik maosh va kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘tkazilgan seminar va taqdimotlarda ishga joylashish jarayoni, rezyume tayyorlash va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Yakunda ish beruvchilar va talaba-yoshlar o‘rtasida jami 42 ta shartnoma imzolandi. Bu natija yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi amaliy qadamlar samarasini yaqqol ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun, 2025/2026 o‘quv yilida filialda jami 205 nafar bitiruvchi katta hayot sari yo‘l olmoqda. Ularning 113 nafari bakalavr, 21 nafari magistratura bosqichi bitiruvchisi, 71 nafari esa sirtqi ta’lim shaklida tahsil olgan yoshlardir. Xulosa qilib aytganda, mazkur “Karera kuni” mehnat yarmarkasi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy tashabbus bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.