Yashirilgan zargarlik buyumlari
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan davlat chegaralari orqali tovar-moddiy boyliklarni qonuniy tartibda olib o‘tish, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash hamda kontrabanda holatlarining oldini olish borasida tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, chegara bojxona postlarida zamonaviy nazorat vositalaridan samarali foydalanilayotgani natijasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinmoqda.
Ana shunday tezkor chora-tadbirlar natijasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Olot” hamda “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postlarida zargarlik buyumlarini yashirincha olib kirish bilan bog‘liq ikki holat o‘z vaqtida aniqlandi.

Jumladan, “Olot” chegara bojxona posti orqali “Turkmaniston – O‘zbekiston” yo‘nalishida piyoda kirib kelgan fuqaro belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Nazorat jarayonida uning xatti-harakatlari xodimlarda shubha uyg‘otgani sababli fuqaro chuqurlashtirilgan tekshiruvga yo‘naltirildi. Zamonaviy skaner qurilmasi orqali o‘tkazilgan tekshiruv davomida rentgen tasvirlari asosida fuqaro tomonidan 310 gramm og‘irlikdagi qimmatbaho zargarlik buyumlari yashirincha olib o‘tilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti orqali “Turkiya – Buxoro” yo‘nalishida kelgan yana bir fuqaro ham bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida uning yuklari orasida bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiq bo‘lgan 108,3 gramm qimmatbaho zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Hozirgi vaqtda har ikki holat bo‘yicha umumiy qiymati 501 million so‘mdan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlari vaqtincha saqlovga olingan. Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar nafaqat noqonuniy tovar aylanmasiga chek qo‘yish, balki mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, ichki bozor barqarorligini ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.