Hayvonlar kasalliklariga qarshi preparatlar ishlab chiqarishda hamkorlik
Mamlakatimizda har bir sohada bo‘lgani kabi chorvachilik ham rivoj topib bormoqda. Bunda xalqaro hamkorliklar ham alohida ahamiyat kasb etayotgani ayni haqiqat. Ayniqsa, do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan siyosat natijasida yurtimizdagi har bir davlat idorasi mustaqil ravishda xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega.
Ana shunday imkoniyatdan unumli foydalangan holda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining hayvonlar kasalliklariga qarshi preparatlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida hayvonlar kasalliklariga qarshi veterinariya preparatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsion loyihani amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishda kadrlarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti bazasida dastlabki pilot loyihani amalga oshirish hamda keyinchalik yirik ishlab chiqarish kompleksini tashkil etishga kelishib oldi.
Mazkur hamkorlik soha rivojida sezilarli ta’sir o‘tkazishi ta’kidlanib, uning ko‘lami kengayib borishiga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA