“Yangi O‘zbekiston yoshlari - 2030” strategiyasining taqdimoti o‘tkazildi
Yoshlar ijod saroyida mamlakatimiz yoshlar siyosatidagi mutlaqo yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat - “Yangi O‘zbekiston yoshlari - 2030” strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda maxsus strategiya maydonlari tashkil etilib, ishtirokchilar yirik loyihalar va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “TOP-100 kitobxon” tanlovining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda yil davomida eng ko‘p kitob o‘qigan 100 nafar bilimdon yoshni aniqlab, ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-28936]
Shuningdek, volontyorlik va xalqaro hamkorlik loyihalari bo‘yicha maxsus taqdimotlar, tadbirkorlik, bandlik va zamonaviy kasblar hamda yoshlar startaplari namoyishi o‘tkazildi. Ishtirokchilar xorijiy tillar va o‘quv markazlari hamda yoshlar yagona elektron platformasi faoliyati bilan tanishtirildi.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030” strategiyasiga bag‘ishlangan tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan ushbu strategiyaning maqsadi va mazmun-mohiyati hususida tushunchalar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida sohaga mas’ullar, jumladan, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda “1000 kitob”, “Thompson school”, “Qizlar akademiyasi” va “Butunjahon yoshlar ofisi” kabi yirik va muvaffaqiyatli loyiha rahbarlari ishtirokida maxsus sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi bu mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA