Sholichilikda samarali tajribalar ommalashtiriladi
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyat kasb etuvchi amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi. “Sholi yetishtirishning intensiv texnologiyasi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda asosiy e’tibor sholichilikda ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish hamda fermer xo‘jaliklari samaradorligini yuksaltirishga qaratildi.
Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Nikolayevich Pak tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning “KOPIA” markazi hamda Respublika sholichilik instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda fermerlar, agrar soha mutaxassislari va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi olimlar qatnashdi. Dastlab deputat Viktor Pak mamlakatda qishloq xo‘jaligini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi qonunchilik hujjatlari hamda davlat dasturlarining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda asosiy vazifa agrar sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali resurs tejamkorlikni ta’minlash va fermerlar daromadini oshirishdan iborat.

Tadbirning asosiy qismi Janubiy Koreyaning “KOPIA” markazi eksperti, professor Um Miok ishtirokida o‘tdi. U “Koreyada sholi urug‘ini yetishtirish, tarqatish tizimi va ishlab chiqarish texnologiyasi” mavzusida keng qamrovli amaliy ma’ruza o‘tkazdi. Jarayonda urug‘chilikda sifat nazorati, suv va resurs tejovchi texnologiyalar, shuningdek, zamonaviy o‘g‘itlash tizimlarining samarali usullari bo‘yicha tajriba almashildi.

Mutaxassislar tomonidan qayd etilganidek, Koreya tajribasi sholichilikda yuqori hosildorlikka erishishda innovatsion yondashuvlarning o‘rni beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, raqamli agrotexnologiyalar va aniq ilmiy yondashuvli dehqonchilik usullarining joriy etilishi suv resurslarini tejash va yer unumdorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston sharoitida sholichilik qishloq xo‘jaligining strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U nafaqat ichki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Shu boisdan ham, sohada intensiv texnologiyalarni joriy etish mamlakat iqtisodiyotining agrar sektori rivojiga katta hissa qo‘shadi.

Bekobodda o‘tkazilgan ushbu o‘quv-seminar fermerlar uchun yangi bilim va ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkonini berdi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xalqaro ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiluvchi muhim maydon vazifasini o‘tadi. Bu kabi hamkorlik loyihalari kelgusida O‘zbekistonda sholichilikni yangi bosqichga olib chiqish, fermer xo‘jaliklarining raqobatbardoshligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
A.Musayev, O‘zA