Xorijlik talabalar safi kengaymoqda
Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialida 766 nafar talaba tahsil olmoqda.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialida 766 nafar talaba tahsil olmoqda.
Xalqimizga jahon andozalari darajasida zamonaviy tibbiy yordam tashkil etishda malakali mutaxassislarning oʻrni muhim. Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi tuzilmalarida malakali shifokorlar faoliyat yuritishi kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va xalqimizning sogʻligʻini muhofazalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filialida ham soha uchun malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Bu yerda 11 ta kafedra faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, professor-oʻqituvchilar talabalarga puxta bilim berayotir. Buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Moddiy-texnik baza yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Jumladan, Jahon banki grantlari asosida “Fiziologiya, patologik fiziologiya va anatomiya” va “Mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya” oʻquv laboratoriyalari olindi. Talabalar turar joyi toʻliq joriy taʼmirlandi.
Oʻtgan oʻquv yilida filialning koʻplab professor-oʻqituvchilari Belarus, Rossiya, Tojikiston oliy oʻquv yurtlarida malaka oshirdi.
Filialda taʼlim olayotgan talabalar orasida 18 nafar xorijlik yoshlar ham bor.
– Oʻzbekistonni tinchliksevar yurt sifatida tasavvur qilardim, –deydi Zia Ulloh Nizambekxan (Pokiston). – Adashmagan ekanman. Fargʻonadagi tibbiyot oliygohida tahsil olayotganimdan juda xursandman. Xalqingiz biz bilan juda samimiy va doʻstona munosabatda. Bu ustozlarimizga ham, tengdoshlarimizga ham birdek taalluqli. Ulardan oʻzbek tilini oʻrganyapmiz. Biz uchun hamma sharoit yaratilgan. Eng asosiysi, puxta bilim olyapmiz.
Filialda yaqin va uzoq davlatlardan kelib oʻqish istagida boʻlganlar safi ortib boryapti. Jumladan, Qirgʻiziston, Tojikistondan ham bir guruh yoshlar tahsil olayotir. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Kuban va Kursk tibbiyot universitetlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan. Xorijlik talabalar uchun darslar ingliz tilida olib borilayotgani, ularning amaliyot oʻtashi uchun barcha imkoniyat ishga solingani diqqatga sazovor. Qolaversa, ularga Oʻzbekiston tarixi va madaniyati boʻyicha ham saboq berilmoqda.
Albatta, tibbiy bilimlar amaliyotda koʻproq mustahkamlanadi. Shu maʼnoda, mazkur filial viloyatdagi koʻplab tibbiyot maskanlari, xususiy klinikalar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Talabalar bilimlarini mustahkamlab borish uchun ushbu maskanlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtaydi. Bundan tashqari, ular boshlangʻich bosqichlardanoq bemorlar bilan jonli muloqotga kirishib, kasalliklarning kelib chiqish sabablari, klinikasi, davolash usullari, parvarishi bilan yaqindan tanishmoqda.