Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Seulning “Global Korea Post” nashri O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlariga oid maqola e’lon qildi.
Unda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida infratuzilma, logistika, biotexnologiya hamda muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, maqolada Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgani hamda tomonlar temir yo‘l, aeroport va yirik infratuzilma loyihalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratgani tilga olingan.
Nashrda qayd etilishicha, Seul O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy hamkorlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Koreya hukumati transport, yuqori texnologiyalar va logistika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish orqali mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan.
Saida Abdulazizzoda,
O‘zA