Xorazm sharoitida Devzira guruchi sinovdan o‘tmoqda (+video)
Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti Xorazm filialida Devziraning "Oq va Qora qiltiqli" navlarini parvarish qilish bo‘yicha agrotexnologiya ishlab chiqildi. Loyiha muvaffaqiyatli o‘tsa, ushbu nav keng maydonlarda ko‘paytiriladi.
Ma’lumki, guruchning ushbu navi donining yuqori sifati, xushta’mligi, pishirish xususiyatlari hamda milliy taom - o‘zbek palovini tayyorlash uchun eng munosib bo‘lgani bois xalqimiz sevib iste’mol qiladi. U asosan Farg‘ona vodiysining tabiiy sharoitlariga yuqori darajada moslashgan. Shunday bo‘lsa-da hozirda Xorazm iqlim sharoitiga mos navlar sinovdan o‘tmoqda. O‘simliklarni parvarishlash ishlari Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining agrotexnik tavsiyalari asosida olib borilmoqda. Dastlabki tadqiqot natijalariga ko‘ra, har ikkala nav ham Xorazm yerlari va iqlimiga moslasha boshlagan.
- Xorazm viloyati sharoitida ushbu navni kengaytirish, uning agrotexnikasini ishlab chiqish borasida ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yganmiz, - deydi qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Lutfulla Mirzayev. – Asosan ushbu izlanishlarimizni Devziraning “Oq qiltiriq” va “Qora qiltiriq” navlarini ekib, ikki xil muddatda 25-may va 10-iyunda ekib, parvarish qilib kelinyapti. Dastlabki olingan ma’lumotlarga asoslanib shuni aytishimiz mumkinki, har ikki muddatda ham sholimiz jadal o‘sib, rivojlandi. Hamma fazalarda o‘zining yonidagi standart navlarga nisbatan yaqqollik xususiyatlarini ko‘rsatib kelmoqda. O‘ylaymizki, ushbu sholi navlari kelajakda o‘z samarasini beradi. Boshqa yo‘nalishlarda ham hosil yakuniga qadar ilmiy tahlillarni olib boramiz.
So‘nggi yillarda ilm-fanda molekulyar genetika, genomika va zamonaviy seleksiya usullarining rivojlanishi mahalliy sholi navlarining imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan Devzira navi yangi sharoitga moslashishi seleksiya ishlaridagi chuqur o‘rganishlarning amaliy samarasidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/C7yGF1Zxex0" title="Xorazm sharoitida Devzira guruchi sinovdan o‘tmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Iskandar Ismatov, O‘zA