Xalqaro kitob ko‘rgazmasida o‘zbek adabiyotiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Zamonaviy dunyoda jamiyatlar taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan belgilanmaydi. Bunda ma’naviy-madaniy salohiyat va aloqalar ham hisobga olinadi.
Kitobxonlik madaniyatining yuksalishi, adabiyotga bo‘lgan ehtirom millatning kelajakni ko‘ra bilish qobiliyatini o‘stiradi. Shu ma’noda, xalqaro maydondagi adabiy muloqotlar global zamonda har qachongidan ham muhim.
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Eurasian Book Fair – 2026” xalqaro kitob ko‘rgazmasi ana shunday ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Nufuzli anjumanda o‘zbek adabiyotining durdonalari, xususan, marhum shoir Chori Avazning qozoq tilida chop etilgan “Yurak mavsumi” she’riy to‘plami ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Taqdimot marosimida ishtirok etgan adabiyot va san’at namoyandalari, diplomatik korpus vakillari hamda jamoat arboblari ushbu kitobning nashr etilishini ikki xalq qalbini yanada yaqinlashtiruvchi muhim adabiy voqea sifatida baholadilar. Ta’kidlash joizki, bu kabi loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy diplomatiyani yangi bosqichga ko‘taradi. Adabiyot orqali o‘rnatilgan muloqot iqtisodiy va siyosiy aloqalarga nisbatan chuqurroq, samimiyroq va barqarorroq samara beradi.
Chori Avaz ijodi milliy ruhiyatning dilgir va sof manzarasidir. Shoirning qisqa, ammo mazmunga boy umri davomida bitgan satrlari endilikda tarjima orqali qardosh qozoq xalqining ham ma’naviy mulkiga aylanmoqda. Tadbirda so‘z olganlar “Yurak mavsumi” nafaqat adabiy tarjima, balki ikki el o‘rtasidagi ruhiy hamohanglik ifodasi ekanini alohida qayd etdilar.
Zero, chinakam san’at chegaralarni bilmaydi, u inson qalbining eng nozik torlarini chertish orqali xalqlarni birlashtiradi.
O‘zA