Tanlov g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyati Shirin shahri Yoshlar markazida umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Iqtidorli maktab ansambli” respublika tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda maktab o‘quvchilari o‘rtasida san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda shahardagi umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilaridan tashkil topgan ijodiy jamoalar ishtirok etib, o‘zlarining musiqiy ijodi, sahna madaniyati va jamoaviy ijro mahoratini namoyish etdilar. Ular milliy va zamonaviy musiqa asarlarini ijro etib, badiiy ifoda, sahna odobi hamda jamoaviy uyg‘unlik bo‘yicha bellashdilar.

Ishtirokchilarning har bir chiqishi yig‘ilganlarda katta qiziqish va ijobiy taassurot uyg‘otdi. Tanlov jarayonlari yoshlarning ijodiy izlanishga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyon etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Shirin shahri 1-umumta’lim maktabining “Nolalar” jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rin 2-maktabning “Iqtidor navosi” jamoasiga, 3-o‘rin esa 3-maktabning “Navo” jamoasiga berildi.

G‘olib va faol ishtirok etgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Nolalar” jamoasi esa viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘ulom Primov, O‘zA