Xalq vakillarining mas’uliyati va mahorati oshirilmoqda
Urganchda xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda doimiy komissiyalar ish samaradorligini oshirish maqsadida maxsus o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida komissiya raislarining huquqiy bilimlarini mustahkamlash, sessiya kun tartibiga masalalarni tayyorlashda sifat va tahlilga alohida urg‘u berish lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirda Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Altibay Radjabov ishtirok etib, doimiy komissiya raislarining vakolatlari va oldindagi muhim vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.

– Xalq deputatlari viloyat Kengashi faoliyatida yangi mazmun va samaradorlik davri boshlanmoqda, – deydi Altibay Radjabov. – Zero, bugungi kun deputati nafaqat xalq ovozi, balki islohotlarning ijrosini ta’minlovchi asosiy kuch bo‘lishi lozim. Buning uchun esa tajriba va mahorat maktabi bo‘lishi kerak. Viloyat Kengashi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, doimiy komissiyalarning ish sur’atini oshirish maqsadida tashkil etilgan bugungi o‘quv-seminari ham chinakam muloqot va tajriba maydoniga aylandi.

Seminarda asosiy e’tibor komissiyalar tomonidan ijro hokimiyati organlari hisobotlarini eshitish tartibi, kengash qarorlari va dasturlar ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish mexanizmlari, doimiy komissiyalarning choraklik va yillik ish rejalarini shakllantirishdagi dolzarb yo‘nalishlar kabi masalalarga qaratildi.
O‘quv-seminar yakunida komissiya raislariga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ish faoliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan aniq tavsiyalar va uslubiy ko‘rsatmalar berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri