Uzluksiz ta’lim istiqbollari
Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida “Uzluksiz ta’lim sifati va samaradorligini oshirishning nazariy-uslubiy muammolari” mavzusida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida “Uzluksiz ta’lim sifati va samaradorligini oshirishning nazariy-uslubiy muammolari” mavzusida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, viloyatdagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va xalq ta’limi boshqarmalari mas’ul xodimlari, ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida zamon talablariga javob beradigan uzluksiz ta’lim tizimi yaratilgani ta’kidlandi. Shunga mos tarzda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasining mustahkamlangani, yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanayotgani yosh avlodga chuqur bilim olish,o‘z iste’dodini namoyon etish hamda kasb-hunar sirlarini puxta egallash imkonini bermoqda. Bunda ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarining uzluksiz ta’limning quyi bo‘g‘inlari bilan hamkorligi, ularga ko‘rsatayotgan ilmiy-uslubiy ko‘magi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Bugungi kunda universitetimizda 31 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr va 36 mutaxassislikda magistrkadrlar tayyorlanmoqda, – deydi Samarqand davlat universiteti prorektori Bo‘ston Islomov. – Viloyatdagi 14 akademik litsey va 161 kasb-hunar kolleji, shuningdek, ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablariga ilmiy, o‘quv-uslubiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Kafedra va bo‘limlarimiz tegishli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va shu asosda ochiq darslar, o‘quv seminarlari tashkil etiladi. Talaba va magistrlarimiz ham pedagogik amaliyotlari davomida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari bilan birga ishlaydi. Bunday chora-tadbirlar ta’limda ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitish shakllarini joriy etish,uzluksiz ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Konferensiya sho‘ba majlislarida uzluksiz ta’lim tizimi bo‘g‘inlari orasidagi hamkorlikni takomillashtirish, chet tillarni o‘qitishning sifati va samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish, uzluksiz ta’limda innovatsion texnologiyalar hamda elektron axborot ta’lim resurslarini yaratish va ulardan samarali foydalanish, korporativ hamkorlik doirasida bajarilayotgan ilmiy-amaliy ishlar haqida ma’ruzalar tinglandi.