“Uzbekistan Airports”: 2026-yil birinchi chorak yakunlari sarhisob qilindi
Bugungi kunda O‘zbekiston aviatsiya sohasi izchil rivojlanib, mamlakatning ichki va tashqi transport aloqalarida muhim o‘rinni egallab bormoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashish hajmining o‘sishi, yangi yo‘nalishlarning ochilishi va aeroport infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi soha taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu jihatdan “Uzbekistan Airports” kompaniyasining 2026-yil birinchi chorak yakunlari ham bu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yaqqol namoyon etmoqda.
“Uzbekistan Airports” AJ 2026-yilning birinchi choragi bo‘yicha ish yakunlarini sarhisob qildi. Asosiy ko‘rsatkichlar — yo‘lovchi oqimi, reyslar soni va yuk tashuvlari bo‘yicha barqaror ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda.
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekiston aeroportlari 30 ming 859 ta aviareysga xizmat ko‘rsatdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga ko‘p. Yo‘nalishlar kesimida 22 ming 885 ta reys xalqaro, 7 ming 974 tasi esa ichki yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi.
Yilning dastlabki uch oyida 3 million 987 ming 313 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi, shundan 3 million 323 ming 759 nafar yo‘lovchi xalqaro yo‘nalishlarda, 663 ming 554 nafar yo‘lovchi esa ichki yo‘nalishlarda uchgan. 2025-yilning 1-choragiga nisbatan yo‘lovchi oqimi bo‘yicha o‘sish 19 foizni tashkil etdi.
Toshkent an’anaga ko‘ra, mamlakatning eng yirik aeroporti bo‘lib qolmoqda. Poytaxt aeroporti 2,56 million yo‘lovchi va qariyb 19 mingta reysga xizmat ko‘rsatib, umumiy yo‘lovchi oqimining asosiy ulushini ta’minladi.
Yuk tashish segmentida ham ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Birinchi chorakda mamlakat aeroportlari orqali 19 ming 783 tonna yuk va pochta o‘tkazildi, bu ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga ko‘p.
Joriy yilning birinchi choragi yakunlari O‘zbekiston aviatsiya tarmog‘ining barqaror o‘sishi, xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘i kengayishi va mamlakat ichidagi mobillikning bosqichma-bosqich ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA