Toshkentda O‘zbekiston – Avstriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston – Avstriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirda ikki davlat idoralari, biznes hamjamiyati, moliya institutlari hamda yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Dasturga ko‘ra, tomonlarning investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar, B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar ham tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov mazkur anjuman savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekanini ta’kidladi.
Forumda ishbilarmon doiralarning 100 dan ortiq vakili ishtirok etayotgani tomonlarning hamkorlik istiqboliga qiziqishi va bu yo‘ldagi o‘zaro ishonchi yuqoriligini namoyon etmoqda.
So‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi uch barobar oshgan. Bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy kapitali ishtirokida 50 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda.
[gallery-29289]
Ta’kidlanishicha, Avstriyaning “Lasselsberger”, “Doppelmayr”, AME, “Borealis” kompaniyalari bilan qurilish materiallari, tog‘ turizmi, sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati sohalarida hamkorlik izchil rivojlanmoqda. “Raiffeisen”, “Uni Credit” kabi moliya institutlari yurtimizda amalga oshirilayotgan muhim loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
Yevropa davlatining diyorimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Avstriya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Rayzinger hamda ichki ishlar vaziri Gerxard Karner bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek xavfsizlik, migratsiya, ta’lim, turizm, “yashil” energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar yakuni bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, “Ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mol-mulk solig‘i to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini bartaraf etishga oid Konvensiyaga o‘zgarish kiritish haqida”gi Bayonnoma va Qo‘shimcha bayonnoma, “Migratsiya va mobillik sohasida sheriklik to‘g‘risida”gi Bitim hamda “Diplomatik pasport egalarini viza talabidan ozod qilish haqida”gi Bitim tasdiqlandi.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA