Kartoshkachilik va agrar innovatsiyalar: Janubiy Koreya tajribasi o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda soha vakillaridan iborat delegatsiya “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida delegatsiya Xalqaro bog‘dorchilik instituti, Milliy bog‘dorchilik va maxsus ekinlar tadqiqot instituti, Buan davlat qishloq xo‘jaligi texnologiyalari markazi, Milliy urug‘chilik markazi (National Seed Center) hamda Vonkvang universiteti faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida kartoshka urug‘chiligi, viruslardan xoli urug‘lik yetishtirish, seleksiya, urug‘larni sertifikatlash va zamonaviy laboratoriya texnologiyalari bo‘yicha Koreya tajribasi o‘rganildi.

Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlarda viruslarni tezkor aniqlash, gidroponika, in-vitro laboratoriyalari, aqlli issiqxonalar, sun’iy intellekt va BIG DATA texnologiyalarini qishloq xo‘jaligiga joriy etish bo‘yicha ilg‘or yechimlar namoyish etildi. Delegatsiya a’zolari yosh fermerlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash tizimi va ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida kartoshka urug‘chiligi va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, Samarqanddagi O‘zbekiston–Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi faoliyatini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, joriy yilda Samarqand shahrida koreyalik talabalar uchun qishki maktab tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuv ham imzolandi.
O‘rganilgan ilg‘or tajribalar mamlakatimizda kartoshka urug‘chiligi, zamonaviy agrotexnologiyalar va ilm-fan integratsiyasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA