Toshkent xalqaro investitsiya forumi global biznes muloqoti uchun yangi platformaga aylanadi
Joriy yilning 16-18-iyun kunlari poytaxtimizda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan bugun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida mazkur nufuzli forum, uning tashkiliy jarayonlari, ishtirokchilari hamda kutilayotgan natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, vazir o‘rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida vazir Laziz Qudratov Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mazkur V Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘tkazilishi O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini yanada yuksaltirish, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar hamda moliyaviy tashkilotlar vakillari uchun keng muloqot maydonini yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, beshinchi bor tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbir ishtirokchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini xalqaro hamjamiyatga yaqindan namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

Forum haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kun holatiga ko‘ra, unda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tganlar soni 9 ming 101 nafardan oshgan. Yurtimizga 100 ta mamlakatdan 3 ming 423 nafar xorijiy delegat tashrif buyurishi kutilmoqda. Forumda ishtirok etayotgan kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarga teng bo‘lib, bu jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 38 foizini tashkil etadi.
Forumda “BlackRock”, “ACWA Power”, “Volkswagen”, “Meta” kabi dunyoga mashhur kompaniyalar bilan bir qatorda moliya, energetika, mashinasozlik, logistika va texnologiya sohalaridagi boshqa yetakchi xalqaro kompaniyalar rahbarlari va vakillari ham ishtirok etadi.

Bu yil forumga tashrif buyuradigan rasmiy delegatsiyalar darajasi ham ancha yuqori. O‘tgan yili 26 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 62 taga yetdi. Forumning ochilish marosimida 8 ta davlat va hukumat rahbari nutq so‘zlaydi.
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BRIKS Yangi taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevroosiyo taraqqiyot banki hamda OPEK jamg‘armasi rahbarlari ham forumda ishtirok etadi. Umuman olganda, xalqaro tashkilotlar va banklardan 372 nafar vakil qatnashishi rejalashtirilgan. Forum dasturi ham sezilarli darajada kengaytirildi.
Tadbirlar soni 36 tadan 79 taga yetdi. Forum doirasida 34 ta panel munozarasi, 8 ta pitch-sessiya, shuningdek, AQSH, Koreya, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari bilan 7 ta yirik biznes-forum tashkil etiladi. Ushbu uchrashuvlarda sanoatni rivojlantirish, yashil energetika, O‘rta yo‘lak, raqamli boshqaruv, sun’iy intellekt, islom moliyasi hamda oziq-ovqat xavfsizligi kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
18-iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda 75 ta yirik kompaniya davlatimiz rahbariga o‘z takliflarini taqdim etadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston investitsiya salohiyatining ikkinchi ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Unda geologiya, energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, IT va sun’iy intellekt sohalaridagi yutuqlar jonli va interaktiv formatda namoyish etiladi.
Bu yil yana bir yangilik sifatida netvorking tadbirlari rasmiy uchrashuvlar bilan cheklanib qolmaydi. Ular sport diplomatiyasi shaklida ham davom ettiriladi. Investorlar Yangi Toshkentdagi yugurish yo‘lakchalari va tennis kortlarida norasmiy, do‘stona muhitda muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
E’tiborlisi, forumni yoritish uchun 41 ta mamlakatdan 123 ta tahririyat vakili, jami 209 nafar xorijiy jurnalist tashrif buyuradi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.
Unda milliy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda “Bloomberg”, “Reuters”, “Nikkei”, “Euronews”, “BBC”, “CGTN”, “TRT”, “Xinhua” va Independent kabi nufuzli xalqaro mediatuzilmalar vakillari ham faoliyat olib boradi.
Ta’kidlash joizki, uch kunlik uchrashuvlar natijasida o‘n milliardlab dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanishi kutilmoqda.
Forum mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA