O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaga tashrif buyurdi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Turkiya Respublikasining Xatay viloyatida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibidan Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, Xorazm viloyati hokimi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rin olgan.

Mazkur tashrif 2023-yil fevral oyida sodir bo‘lgan zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun Xatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston turar joy majmuasi”ning rasmiy ochilishi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Xatay viloyatining Antakya tumanida bo‘lib, turizm va madaniy markazlar, ziyoratgoh va diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekistonlik mehmonlarga hamrohlik qilgan Xatay viloyati hokimi o‘rinbosari Mehmet Mirach Topalo‘g‘lu Antakya markazidagi qadimiy va tarixiy maskanlar, bir asrlik tarixga ega madaniyat markazi haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, vayronkor zilzilada eng katta talafot ko‘rgan mazkur hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mehmonlar Antakyada amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, Shavkat Tohirov (surat), O‘zA