Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Vatanparvar” harbiy-sport musobaqasining “Vatan tayanchi” a’zolari o‘rtasidagi Toshkent viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqa Toshkent viloyati hokimligi, Toshkent viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida Zangiota tumanida joylashgan harbiy qism hududida o‘tkazildi.
Jarayonda ishtirokchilar turli shartlar asosida o‘zaro bellashib, nafaqat jismoniy chiniqish, balki jamoaviylik, chaqqonlik va matonat borasida ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi. Tadbir yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirish, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqish va mas’uliyat hissini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

***
Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida yangi bolalar bo‘limi faoliyat boshladi.
Ilgari shahar aholisi uchun alohida bolalar kasalxonasi mavjud bo‘lmagani sababli, ular viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot muassasasiga murojaat qilishga majbur edi. Bu esa qator noqulayliklarni keltirib chiqarardi. Yangi bo‘limning ochilishi aholi uchun katta yengillik bo‘ldi.
Ayni paytda bo‘lim 30 o‘rinli bo‘lib, shundan 5 o‘rin bolalar patologiyasi va 3 o‘rin reanimatsiya uchun ajratildi. Shuningdek, bo‘limda malakali shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat jamoa shakllantirildi. Muassasa to‘liq elektron raqamlashtirish tizimi orqali ish olib boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda 18 yoshgacha bolalar soni qariyb 50 ming nafarni, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa 2 ming 633 nafarni tashkil etadi. O‘tgan yili shaharda 101 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi ham tashkil etilgan edi.


***
O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasiga ishsiz aliment to‘lovchilar, harbiy xizmatni o‘tab qaytganlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda ishsiz xotin-qizlar jalb etildi.
Jarayonda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Mazkur tadbirda 83 ta korxona, tashkilot va hunarmandlar ishtirok etib, jami 2 ming 135 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Yarmarkada 305 nafar fuqaro ishtirok etdi.


Natijada 17 nafar fuqaro ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi, 15 nafar fuqaro turli yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘naltirildi. Shu bilan birga 77 nafardan ortiq fuqaro o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlari bilan qamrab olindi, 90 nafardan ortiq fuqaroga mehnat qonunchiligi bo‘yicha maslahatlar berildi.
A. Musayev, O‘zA