Toshkent metrosidan foydalanuvchilar soni keskin oshgan
Jamoat transportiga, xususan, Toshkent metropoliteni xizmatlariga bo‘lgan talab izchil ortib bormoqda.
Yo‘lovchilar oqimining o‘sib borishi munosabati bilan metropoliten tomonidan yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish, shuningdek, poyezdlar harakatini yo‘lovchilar oqimiga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, joriy yil 21-sentabr kuni Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Shu kuni metropoliten xizmatlaridan jami bo‘lib 1 181 581 nafar yo‘lovchi foydalandi.
Ta’kidlash joiz, bundan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2026-yil 14-sentabr kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni metropoliten xizmatlaridan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Yangi ko‘rsatkich avvalgi rekorddan 16 031 nafarga ko‘p.
Mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan monitoring va tahlillar yo‘lovchilar oqimining o‘sish tendensiyasi davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Mavjud ko‘rsatkichlar asosida, oktabr oyida metropolitenda bir kunda tashiladigan yo‘lovchilar soni 1,2 million nafarga yetishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan, avval xabar berilganidek, Toshkent metropolitenida 1 200 000-yo‘lovchini alohida aniqlash hamda unga maxsus imtiyoz yoki sovg‘a taqdim etish tashabbusi rejalashtirilgan. Mazkur tadbir yo‘lovchilar uchun o‘ziga xos rag‘batlantiruvchi va ramziy voqea sifatida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, 2026-yil davomida xarid qilinishi va Toshkent metropoliteniga yetkazib berilishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy harakat tarkibining barchasi vagonlar parkiga olib kelindi. Yangi poyezdlardan yo‘lovchilarga yanada qulay, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishda samarali foydalanilmoqda. Yo‘lovchilar sonining izchil ortib borayotgani Toshkent metropolitenining shahardagi jamoat transporti tizimida tutgan o‘rni tobora muhimlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA