Endokrin bemorlarga e’tibor kuchaytirilmoqda
Toshkent viloyati endokrinologiya dispanseri mutaxassislari tomonidan viloyatda endokrin kasalliklarga chalingan bemorlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash borasidagi ishlar o‘rganilmoqda.
O‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — endokrin bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash, zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda ulardan belgilangan tartibda foydalanilishini ta’minlashdan iborat.
Joylarda DMED tizimi orqali skrining ishlarining tashkil etilishi, endokrin kasalliklarning eng ko‘p uchraydigan 6 ta nozologiyasi bo‘yicha bemorlarni yo‘naltirish, shuningdek, endokrin bemorlarga berilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning holati ko‘rib chiqildi.

Xususan, barcha turdagi insulin preparatlari, yod vositalari, metformin, somatotrop gormoni, desmopressin kabi dori vositalarining mavjudligi va tarqatilishiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bemorlarning kundalik nazorati va davolanish jarayonida zarur bo‘ladigan glyukometr, lanset, test-applikatorlar hamda TTG, T4, glikirlangan gemoglobin, glyukoza, keton, mikroalbuminuriya uchun reaktivlarning tarqatilishi, saqlanishi, qoldig‘i va yaroqlilik muddatlari o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash sharoiti, ularning bemorlarga belgilangan tartibda yetkazib berilishi hamda mavjud zaxiralar holatiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli tushuntirishlar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Bunday o‘rganishlar endokrin kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni zarur mutaxassislarga o‘z vaqtida yo‘naltirish hamda ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
A.Musayev,O‘zA