“To‘maris izdoshlari” sport maydonida bellashdi
Yoshlar, xususan, qizlarning sportga qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etish maqsadida Guliston davlat universitetida Sirdaryo viloyati oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir yosh qizlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Musobaqa davomida ishtirokchilarda nafaqat sport mahorati, balki jamoaviy hamjihatlik, intizom va iroda ham sinovdan o‘tdi.
Tanlov hay’ati tarkibiga poytaxtdan taklif etilgan professor-o‘qituvchilar ham kiritilib, baholash jarayonlari 4 shart asosida adolatli va shaffof tarzda olib borildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda talaba-qizlar o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishga intildi.
[gallery-29080]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Guliston davlat pedagogika institutining “Massaget qizlari” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Guliston davlat universitetining “To‘maris qizlari” jamoasi 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. 3-o‘rin esa Toshkent kimyo texnologiyalari instituti Yangiyer filialining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA