“Paxtakor Kids” futbol jamoasi yoshlar bilan uchrashdi
Yuksak natijalarga eltuvchi eng muhim omillardan biri bu shubhasiz ishtiyoqdir. Bunda ilhomlantirish esa katta ahamiyat kasb etadi. Zero, pedagogikada ham bu o‘z isbotini topgan.
Shu maqsadda, Yakkasaroy tumanidagi 1-son sport maktabida “Paxtakor Kids” futbol jamoasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, jamoa mutaxassislari hamda tumandagi mahallalardan jalb etilgan 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yosh futbolchilar qatnashdi.

Uchrashuv davomida bolajonlar uchun qiziqarli muloqot tashkil etilib, ularga futbol sir-asrorlari, sport intizomi va sog‘lom turmush tarzining ahamiyati haqida foydali tavsiyalar berildi. Ayniqsa, yosh futbolchilarning savollariga berilgan samimiy javoblar ularni yanada ruhlantirdi.

Tadbir yakunida “Paxtakor Kids” jamoasi tomonidan kichik futbolchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa bolalar uchun unutilmas taassurot qoldirdi va ularni katta sport sari dadil qadam tashlashga ilhomlantirdi.

Bunday uchrashuvlar orqali yoshlarga ulkan marralarga eltuvchi yo‘l xaritasi chizib beriladi. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmaydi.
Sherbek Islomov,
O‘zA