Tilla taqinchoqlar ushlandi
Mamlakatimizda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, ichki bozorni noqonuniy tovarlardan himoya qilish hamda qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining yashirin aylanmasiga qarshi kurashish borasida bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklarni qonun talablariga zid ravishda olib kirish holatlarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Navbatdagi shunday holat Buxoro viloyatida fosh etildi.
Buxoro viloyat bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir davomida yurtimiz hududiga noqonuniy tarzda olib kirilgan qimmatbaho zargarlik buyumlarini ichki bozorda sotishga bo‘lgan urinishga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida Jondor tumani hududida harakatlanib ketayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, unda yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan fuqaro hamda uning shaxsiy buyumlari xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv jarayonida fuqaroning qo‘l sumkasidan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmagan, O‘zbekiston hududiga tashmachilar orqali yashirin ravishda olib kirilgan umumiy og‘irligi 467 gramm bo‘lgan turli xil tilla taqinchoqlar aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu zargarlik buyumlarining bozor qiymati qariyb 756 million so‘mni tashkil etadi. Mazkur holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bojxona chegarasidan o‘tish chog‘ida har bir fuqaro o‘ziga tegishli tovar va qimmatliklarni belgilangan tartibda deklaratsiya qilishi shart. Bojsiz olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan tovarlarni yashirish yoki ularni rasmiylashtirmasdan mamlakat hududiga kiritish qonunbuzarlik hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri