Eski sexlar o‘rnida paydo bo‘layotgan kelajak zavodlari xalqqa qanday foyda keltirmoqda?
Mustaqillikning 35 yilligi
Yosh oilaga Chirchiq shahridan uy olishni maslahat berishdi. U tomonlarda “dom”lar arzonligini aytishdi. Kelin-kuyovga bu taklif ma’qul bo‘ldi. Boshlanishiga yashab turaylik, mablag‘ to‘plab poytaxtdan boshqa uy olishni reja qilishdi.
Biz hozir katta hayotga qadam qo‘ygan ikki yoshning o‘n yil oldin qabul qilingan qarori haqida gapirdik. Ular bu to‘xtamga kelganlarining birinchi yiliyoq qattiq afsus qilganlarini bugun kulibgina eslaydi.
Ilgari Chirchiq deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga ulkan sanoat korxonalari, tutayotgan baland mo‘rilar va bir zamonlardan qolgan sovuqqina ishchilar shaharchasi kelardi. Ochig‘ini aytish kerak, yaqin-yaqingacha bu yerdagi ko‘plab sexlar o‘z davrini yashab bo‘lgan, uskunalar zanglab, yangicha nafasga muhtoj edi. Yildan-yilga ishsizlik ko‘rsatkichi oshib, yashash sharoiti pastlab borardi. Ishsizlik va bekorchilik ko‘paygan joyda esa osoyishtalik yo‘qolishi, jinoyatchilik ortishi tabiiy.
– Chirchig‘imiz hayotida chin ma’noda burilish nuqtasi 2016-yilda boshlandi, – deydi mehnat faxriysi Nozim ota Fathullayev. – Shaharga go‘yoki yangi nafas oraladi. Bugun ko‘chalardagi gavjumlikni, odamlarning yuzidagi xotirjamlikni ko‘rib ko‘zing quvnaydi. Shaharga yangicha shiddat olib kirgan asosiy omillardan biri bu yerda tashkil etilgan bir qancha oliy ta’lim maskanlari bo‘ldi. Ilgari faqat ishchilar makoni bo‘lgan Chirchiq bugun yoshlik va ilm-fan energiyasiga to‘lgan jonli shaharga aylandi. Ishlamay yotgan zavod hududlari, eski sexlar o‘rnida zamonaviy texnoparklar paydo bo‘ldi. Ilgari uyini sotib, bu yerdan uzoqqa ketmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p edi. Hozir esa, aksincha, hamma Chirchiqqa intilyapti. Sababi odamlarda ertangi kunga ishonch paydo bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 3-fevraldagi qarori bilan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkining tashkil etilishi ana shu turg‘unlikka chek qo‘ygan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Xo‘sh, bu loyiha oddiy odamlarga, mahalliy aholiga nima berdi? Keling, quruq raqamlardan qochib, hayotiy misollar bilan tushunishga harakat qilamiz.

Shahar markazida yillar davomida huvullab, zanglab yotgan maydonlarni tasavvur qiling. Qarorga muvofiq, ishlamay yotgan zavodlar o‘rnida yangi iqtisodiy hudud yaratildi. Bu yerni shunchaki ijaraga berish emas edi. Bu ilg‘or boshqaruv tizimini joriy etish yo‘li edi.
Tashlandiq binolar buzib tashlanmadi, aksincha, loyihalash va qurishni bir vaqtda olib borish usuli bilan ularning o‘rnida zamonaviy, energiya tejamkor korxonalar qad rostladi.
– Bugun mazkur texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda investorlar uchun qulay muhit yaratish maqsadiga xizmat qilmoqda, – deydi texnopark direktori Jasur Muhammadiyev. – Umumiy maydoni 26,4 gektar bo‘lgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy infratuzilma shakllantirildi. Loyihaning iqtisodiy samaradorligi aniq raqamlarda ko‘rinib turibdi. Jumladan, 2025-yilda 56 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Yil davomida korxonalar tomonidan 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.

Eslatib o‘tish joizki, shu yilning 2-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga mazkur texnopark faoliyati hamda kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi. Davlat rahbarining shaxsiy e’tiborida turgan bu loyiha kelajakda yanada katta natijalar berishi aniq.
Endi oddiy odamlar hayotiga to‘xtalaylik. Har kuni saharlab Toshkentga qatnash, yo‘lga soatlab vaqt va pul sarflash mashaqqatini ko‘pchilik yaxshi biladi. Texnopark korxonalarining ishga tushishi mahalliy aholi, ayniqsa, yosh mutaxassislar va kimyogarlar uchun o‘z uyining yonida, yaxshi maoshli ish topish imkoniyatini berdi.
Shu bilan birga, istiqboldagi rejalar ham ulkan. 2030-yilga qadar investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni esa 48 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Buning evaziga ish o‘rinlari soni yana 2 ming 300 taga ko‘payadi.
Bu o‘rinda ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirishi tabiiy. Kimyo zavodi shahar ekologiyasiga zarar yetkazmaydimi? Yo‘q, vahimaga hojat yo‘q. Eski sexlarning zaharli tutunlari davri o‘tdi. Yangi quvvatlarning xalqaro standartlarga mos, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan va ekologik jihatdan xavfsiz bo‘lishi qat’iy talab etib qo‘yilgan. Ya’ni, shahar havosiga ortiqcha yuklama tushmaydi.

Davlat bu yerga investorlarni shunchaki taklif qilayotgani yo‘q. Ularga juda katta imtiyozlar berilmoqda. Texnopark ishtirokchilari kiritilgan investitsiya hajmidan qat’i nazar, soliq va bojxona to‘lovlarida qulayliklar berilgan. Bu biznes uchun katta madaddir.
Ushbu loyihaning ro‘yobga chiqishi natijasida kundalik hayotimizda ishlatadigan minglab kimyoviy mahsulotlar, ya’ni plastik idishlardan tortib, bo‘yoqlar, maishiy kimyo vositalari, qurilish materiallari va dori-darmon xom ashyolarining chet eldan olib kelinishi ma’lum darajada qisqardi.
Shahardagi texnoparkning bosh maqsadi ham aslida shu. Import o‘rnini bosuvchi va eng muhimi, xorij bozorida xaridorgir bo‘lgan yuqori qiymatli mahsulotlar chiqarishga urg‘u beriladi. Ichki bozorda o‘zimizning mahsulot ko‘paysa, narx-navo arzonlashadi. Chetga sotilsa, yurtimizga valyuta kiradi. Valyuta esa yangi maktablar, yo‘llar va shifoxonalar demakdir.
Kelajak Chirchiqqa allaqachon kirib kelgan. Hududning yangi sanoat “yuragi” mamlakat iqtisodiyotini ham oldinga boshlamoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi